Rossiya va Xitoy liderlari qanday masalalarni muhokama qildi

Putin Si Szinpin bilan videoaloqa orqali muloqot qildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Rossiya va Xitoy yetakchilarining suhbati 1,5 soat davom etdi, dedi prezident yordamchisi Yuriy Ushakov.
Putin va Si Szinpin ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro kun tartibiga to‘xtaldi. Tomonlar fevral oyida uchrashuv o‘tkazish va Xitoyda o‘tkaziladigan Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida birgalikda ishtirok etishdan umidvor ekanliklarini bildirdi.
Shundan so‘ng muzokaralar yopiq eshiklar ortida davom etdi.
“Asosiysi, suhbat juda samarali bo‘ldi, bu ikki hamkasb, ikki do‘st, ikki buyuk do‘stona davlatlarining rahbarlari o‘rtasidagi suhbat”, — dedi Ushakov jurnalistlarga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Pekinni AQSh va NATO bilan Rossiya uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralarning borishi haqida xabardor qiladi.
Xitoy Rossiyaning AQSh va NATOga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha qo‘ygan talablarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Savdo operatsiyalari uchun boshqa davlatlar ta’sirida bo‘lmaydigan mustaqil moliyaviy tuzilma yaratishga kelishib olindi.
AQSh tomonidan tashkil etilgan "Demokratiya sammiti" ham muhokama qilindi – u qarama-qarshi va yangi bo‘linish chiziqlarini joriy qiladi.

COVID-19ga qarshi kurash

Davlat rahbarlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.
“Rossiyaning “Sputnik V” va Sputnik Layt” vaksinalarini Xitoyda ishlab chiqarishni tashkil etish muhimligi qayd etildi”, — dedi Ushakov.
Gap yiliga 150 milliondan ortiq doza chiqarish haqida ketmoqda, dedi u.

AUKUS bloki

Yana bir mavzu AUKUS blokining (AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya) tashkil etilishi bo‘ldi, bu esa, yetakchilarning fikricha, yadro muvozanatini buzadi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida keskinlikni oshirib yuboradi.
"Amerikaliklarning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mavjud vaziyatni qayta qurishdagi faolligidan xavotir bildirildi. Va shu munosabat bilan, biz tomondan ham, Xitoy tomonidan ham Hind-Tinch okeani Quad va Amerika-Angliya-Avstraliya ittifoqi AUKUS kabi yangi ittifoqlarning yaratilishiga salbiy baho berildi", - tushuntirdi yordamchi.

NATO atrofidagi vaziyat

Putin Si Szinpinga amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan bo‘lgan muzokaralar haqida ma’lumot berdi. XXR raisi Rossiyaning NATO kuchlari to‘planishi munosabati bilan g‘arbiy chegaralarda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha talablarini qo‘llab-quvvatladi.
Rossiya prezidenti va rais “Sibir kuchi-2” gaz quvuri orqali yoqilg‘i yetkazib berish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi, dedi Ushakov.
Bundan oldingi sammit ham onlayn tarzda o‘tkazilgan edi. U 28-iyun kuni bo‘lib o‘tdi va Rossiya-Xitoy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 20-yilligiga to‘g‘ri keldi.