Radioaktiv chiqindilar miqdori haqida ilk bor xabar qilindi

O‘zbekistonda bir necha million tonna radioaktiv chiqindilar bor, lekin radiatsiya yuqori bo‘lgan hududlar yo‘q - Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek - Sputnik. O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilar bor, lekin radiatsiya yuqori bo‘lgan hududlar yo‘q, deb xabar qilishdi AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mutasaddilari.
Ushbu radioaktiv chiqindilar Sovet Ittifoqi davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan. Bu muammo Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud. Masalan, Qozog‘istonda — 240 mln. tonna, Qirg‘izistonda - 132mln. tonna, Tojikistonda - 42 mln.tonna.
Shu bilan birga O‘zbekistonda radiatsiya miqdori normadan yuqori bo‘lgan hududlar mavjud emas, dedi Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sardorbek Yakubekov.
"Yurtimizda atrof-muhitni monitoring qilish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilingan. Dasturga asosan, ekologiya va geologiya qo‘mitalari bilan hamkorlikda kerakli monitoring ishlari olib borilmoqda. Monitoring natijalari esa yurtimizda so‘nggi yillarda radiatsiya miqdori normadan yuqori bo‘lgan hududlar mavjud emasligini ko‘rsatmoqda", — deya ta’kidladi mutaxassis.
Matbuot anjumanida xabar qilinishiga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu radioaktiv chiqindilar joylashgan hududlarini ekologik sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi hamda qator davlatlarning homiyligi yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Ushbu mablag‘lar tashkil qilingan guruh faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, hamda Yangiobod va Chorkesar shaharchasi atrofida saqlanayotgan radioaktiv chiqindilarni ekologik sog‘lomlashtirishga yo‘naltiriladi. Jismoniy ishlar boshlanishi 2022-yilning 3 choragida kutilmoqda.