TOShKENT, 15 dek - Sputnik. Denovdagi bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak - dedi Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida.
"Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar va qurilish, sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yerosti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart" - dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi oldiga bir oy muddatda xatlov o‘tkazib, natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
Undan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Denovdagi voqea tafsilotlarini televidenie orqali batafsil ko‘rsatishni topshirdi. Toki bunday hodisa qaytarilmasligi kerak, dedi prezident.
Kelajakda bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun har qanday noqonuniy qurilishlarni, texnika xavfsizligiga, qurilish standartlariga javob bermaydigan bino va inshootlarni ro‘yxatga olish va chora ko‘rish vazifasi topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 7-dekabr kuni Denov shahrida joylashgan "Indenim" savdo markazida tunda kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Uning oqibatida 2 kishi qurbon bo‘lgan 9 kishi jarohatlangan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, baxtsiz hodisaning sababi gaz uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida kelib chiqqan. Aynida damda ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi ochilgan va tekshiruv olib borilmoqda.