TOShKENT, 13 dek - Sputnik. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi, deb habar qilmoqda SSV matbuot xizmati.
O‘n ikki soat davom etgan ushbu jarrohlik amaliyoti xirurg, professor Mirshavkat Akbarov boshchiligidagi o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil amalga oshirildi. Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlangan, lekin keyinchalik anatomik xususiyatlari uning donor bo‘la olmasligini ko‘rsatgan. Uning onasi tekshirilganda, jigarning bir bo‘lagini olish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega bo‘lgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga to‘g‘ri kelgan.
— Har qanday ona uchun farzandining xastaligi eng og‘ir sinov, — deydi Gulchehra opa, — O‘g‘limning dardga chalinishi menga qattiq zarba bo‘ldi. Boshida tushkunlikka tushib qoldim. Sababi avvallari jigar ko‘chirish operatsiyasi chet mamlakatlarda o‘tkazilar, bunga esa har kimning ham qurbi yetavermasdi. Biroq yurtimizda ham bu kasallikni davolash yo‘lga qo‘yilganini bilgach, ko‘nglim taskin topdi. O‘g‘lim sog‘ayib ketishi uchun nafaqat jigarimning bir bo‘lagini, balki jonimni berishga ham tayyorman. Fursatdan foydalanib, farzandimning sog‘ligi uchun kurashayotgan barcha shifokorlarga minnatdorlik bildiraman.
- Bemor yosh bo‘lgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yo‘qligi sababli Feruzbek operatsiyadan so‘ng o‘zini tez tiklab oladi, deydi uni operatsiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonov. Shifokor bu yil o‘nlab hamkasblari qatori Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazida malaka oshirib qaytgan yosh jarrohlardan.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekadi. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. 2021-yilda akademik V. Vohidov nomidagi tibbiyot markazida o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil 6 ta jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi.