TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Bosh prokuratura (BP) boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi BP matbuot xizmati.
“Bosh prokuratura tomonidan tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishni keskin kuchaytirish, salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlashga qaratilgan tadbirlar doirasida, Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasida 71-202-08-28 raqamli ishonch telefoni tashkil etildi va Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali keng jamoatchilikka ma’lum qilindi.
Natijada olingan ma’lumotlarga asosan, Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sh.V. qarindoshi Sh.N. orqali uning tanishi A.K.ning ishonchiga kirib, unga nisbatan Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va’da berib, 27-noyabr kuni fuqaro A.K.dan 3.000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 7-dekabr kuni Sh.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) hamda Sh.N.ga Jinoyat kodeksining 212-moddasi 1-qismi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gumonlanuvchi Sh.V. protsessual tartibda ushlandi”, - deyilgan bayonotda.