TOShKENT, 8 dek – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni arafasida 182 nafar mahkumni muddatidan oldin ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganlar afv etilgan.
Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 108 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Prezidentning Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida keltirilishicha, bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan, 859 nafar shaxs oqlangan. Bularning bari sud-tergov sohasidagi islohotlarning eng muhim natijasidir.