TOShKENT, 7 dek – Sputnik. “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmi “Oskar” mukofotiga da’vogarlar ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbek filmi “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasidagi da’vogarlarning long-listiga kiritilgan. O‘zbekistondan tashqari yana 93 ta mamlakat o‘z filmlarini taqdim etgan.
Avvalroq O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi bu yilgi nufuzli “Oskar” mukofotiga “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmini tavsiya etgan edi.
Film “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan "Fox music cinema" studiyasi tomonidan suratga olingan. Ssenariy muallifi va rejissor Yolqin To‘ychiyev.
“Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmida o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi. Yuz berayotgan voqea-hodisalarga e’tibor bermay, odamlardan narida uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil to‘rtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bog‘liq ba’zi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Avvalroq “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmi “The snow leopard award” mukofotiga loyiq ko‘rilgan edi.