TOShKENT, 7 dek - Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi doirasida Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayev ramziy bog‘ichni kesib, yangi binoni tantanali ravishda ochdilar. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.
Shundan so‘ng prezidentlar elchixonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Elchixonasining yangi, zamonaviy binosi o‘zbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etilgan, uning xonalari milliy uslubda bezatilgan. Diplomatik vakolatxona hududida asosiy bino, konsullik bo‘limi, xodimlar uchun uy, diplomatik missiya rahbarining qarorgohi, bolalar va sport maydonchalari joylashgan. Shuningdek elchixonada muzokara xonalari, anjumanlar zali va kutubxona ham bor.
Elchixonala onlayn muzokaralar o‘tkazish, konsullik faoliyati uchun “elektron navbat” tizimi o‘rnatilgan va bu yerga keluvchilar ma’lumotlarni interfaol tarzda olish imkoniyatiga ega. Alohida ehtiyojli odamlar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdilar.