Toqayev: Qozog‘iston va O‘zbekiston ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzolaydi

Qozog‘iston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bugun imzolanadigan hujjatlar to‘plami ikki mamlakat hamkorligiga qo‘shimcha turtki beradi.
Sputnik
TOShKENT, 6 dek – Sputnik. Oqo‘rdada Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

“Bugun biz ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzolaymiz. Bu haqiqatdan o‘zaro munosabatlarimizning yangi bosqichi, zero ilgari strategik hamkorlik tamoyillariga tayanar edik”, - dedi Qozog‘iston rahbari muzokaralar davomida.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, bugun imzolanadigan hujjatlar to‘plami ikki mamlakat hamkorligiga qo‘shimcha turtki beradi.
Davlat rahbarlari hukumatlarga yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga, keyinroq esa 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berishga kelishib olishgan.
Toqayev mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda ikki davlatning o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik munosabatlar Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu mubolag‘a emas. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar qanchalik yaqin bo‘lsa, butun mintaqamizdagi vaziyat shunchalik barqaror bo‘ladi”, – deya ishonch bildirdi Qozog‘iston yetakchisi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston 5,9 milliard dollarlik shartnoma va bitim imzoladi
Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari ikki tomonlama strategik sheriklikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qildilar. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport tranziti, madaniy-gumanitar hamkorlik kabi muhim jihatlar ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, 5-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Uni aeroportda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning shaxsan o‘zi kutib oldi. Tashrifning asosiy tadbirlari bugun, 6-dekabrga mo‘ljallangan.