TOShKENT, 6 dek – Sputnik. “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
2022 yil 1-yanvardan boshlab “avtomobil tarixi” ma’lumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari (DXM), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Avtomobil tarixi quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi;
yurgan masofasi;
fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi;
yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi
taqiq mavjud yoki mavjud emasligi;
garovda ekanligi yoki yo‘qligi va boshqalar.
“Avtomobil tarixi” dasturini ishga tushirish uchun idoraviy axborot tizimlari, xususan IIV (avtomobil to‘g‘risida ma’lumotlar), Adliya vazirligi (shartnomalar), Moliya vazirligi (sug‘urta), Transport vazirligi (tashish uchun litsenziya varaqasi mavjudligi) axborot tizimlari integratsiya qilinadi.
Ma’muriy reglament loyihasiga asosan ma’lumotlarni olish uchun DXMda yoki YaIDXP orqali ariza beriladi, uning asosida tegishli organga so‘rov yuboriladi.
Davlat xizmati DXM orqali ko‘rsatilgani uchun BHMning 20 foizi, YaIDXP orqali mustaqil murojaat qilinganda mazkur summaning 90 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarning kafolatlanishini ta’minlash maqsadida, ma’lumotlarda mulk egasi haqidagi shaxsiy ma’lumotlar, shuningdek tezkor-qidiruv, mudofaa va xavfsizlikka oid avtotransport vositalariga oid ma’lumotlar aks ettirilmaydi.
Ushbu xizmat ikkilamchi bozorda avtomobil savdosida firibgarlik holatlarining oldini olishda yordam berishi aytilmoqda.