TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universiteti binosining to‘rtinchi qavatidan yig‘ilishga borgan ayol tushib ketganligi haqida xabarlar tarqaldi. Universitet ma’muriyati bunga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 4-dekabr kuni soat 14:00 atrofida ro‘y bergan. Ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabalari ota-onalari uchun o‘tkazilgan majlisga kelgan talabalardan birining kelinoyisi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan. U majlisdan chiqib, telefonda suhbatlashmoqchi bo‘lgan.
“Ayol telefonda suhbatlashish jarayonida qurilish bo‘layotgan hududni anglatuvchi belgi va to‘suvchi tasmalarga ahamiyat bermasdan zinapoya tomonga yurgan va e’tiborsizlik oqibatida tushib ketgan. Bunda qurilish-ta’mirlash ishlar olib borilayotgan hudud to‘liq berkitib qo‘yilmaganligi, to‘siq lentalariga esa e’tibor bermasligi ham sabab bo‘lgan”, - deyilgan universitet xabarida.
Fuqaro respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib borilgan va unga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Xabarda ayol homilador bo‘lmagani ta’kidlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Andijon davlat universiteti binosidan yiqilgan ayol og‘ir tan jarohati olgan.
Olib borilgan tekshirish harakatlari davomida oliygoh binosida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan “S.Haus” MChJ ishchilari zinapoya to‘siqlarini olib tashlab, ishlashayotganlari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “S.Haus” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.