Mirziyoyev 5-6 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga boradi.
Sputnik
TOShKENT, 3 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5-6 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Mirziyoyev va Nazarboyev hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi
Tashrif dasturiga muvofiq, Nur-Sulton shahrida oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda birodar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqiladi.
Siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar va aniq kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini faollashtirishning dolzarb masalalari ham kun tartibiga kiritilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashadilar va mintaqaviy integratsiyaning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qiladilar.
Sammit yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Tashrif arafasida Nur-Sultonda ikki mamlakat yetakchi kompaniya va tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum ham o‘tkaziladi.