Toshkentda yirik narkolaboratoriya fosh etildi

Jinoiy guruh a’zolarining 3 nafari Toshkent va xorijdagi nufuzli OTMlari talabalari. Bandaning bitkoin kriptovalyutasida jamg‘arilgan qariyb 114 ming dollari ham musodara qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek – Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmatlari (DXX) xodimlari Toshkentda sintetik giyohvandlik moddasini yashirin laboratoriyada ishlab chiqarayotgan va uni Internet orqali sotayotgan guruh faoliyatiga chek qo‘yishdi.
Tezkor tadbir davomida uyushgan jinoiy guruh poytaxtda ijaraga olingan uchta xonadonda "mefedron" sintetik giyohvandlik moddasini yashirin laboratoriya sharoitida ishlab chiqarayotgani aniqlangan.

Tintuvlarda bu xonadonlarda 892 gr "mefedron" 45 gr "alfa-P" va posintetik moddalari hamda 360 litrdan ortiq zaharli kimoviy moddalar va zarur asbob uskunalar borligi aniqlangan.
Shuningdek, xufiya joylarga yashirib qo‘yilgan 898 gr "mefedron" moddasi, 15 litr va 12 kg miqdoridagi turli xil kimoviy moddalar hamda 8 litr "bromketon" olib qo‘yilgan. Bundan tashqari, noqonuniy yo‘llar bilan bitkoin kriptovalyutasida jamg‘arilgan qariyb 114 ming dollar musodara qilingan.
1992 va 2000-yillar oralig‘ida tug‘ilgan guruh a’zolarining 3 nafari Toshkent va xorijdagi nufuzli OTMlari talabalari ekani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, DXX sintetik giyohvandlik moddalarini chet eldan olib kelganlarni ham qo‘lga olgan.
Xususan, yuk mashinasida chet eldan keltirilgan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg 994 gr "mefedron" va 499 gr "spays" moddalari hamda 6 dona "gashish" kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida toshkentlik 25 yoshli muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.

Shuningdek, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro xorijdan yuk mashinasida olib kelingan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 500 gr geroin, 947 gr gashish, 500 dona LSD nomli giyohvandlik modda va 60 dona gashish kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.