TOShKENT, 2 dek – Sputnik. Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududida Afg‘onistonga noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan Fransiya fuqarosi qo‘lga olindi, deb xabar qildi Surxondaryo viloyat IIB Matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 26-noyabr kuni Surxondaryo viloyati DXX Chegara qo‘shinlari naradi O‘zbekistondan Afg‘onistonga noqonuniy chiqib ketish maqsadida, Termiz tumani hududidagi temir yo‘l orqali piyoda davlat chegarasidan o‘tishga uringan Fransiya fuqarosi T.M. to‘xtatilgan.
Xorijiy fuqaro bojxona nazoratidan o‘tkazilganda uning rukzaki ichidan 26 dona “Topalgic 50 mg tramadol” nomli tabletkalar borligi aniqlangan va dorilar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Ayni damda ushbu holat yuzasidan viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.