TOShKENT, 30 noya – Sputnik. “UzAuto Motors” yetkazib berishi to‘xtatilgan “Chevrolet Captiva 5” avtomobili uchun xaridorlarga pullarini qaytarish va kompensatsiya to‘lashni boshladi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, “Captiva 5” uchun pul to‘lagan 461 nafar xaridordan 161 nafari pullarini qaytarib olgan. 207 kishi boshqa modelni olishga qaror qilgan.
29 noyabrdan va’da qilingan 5 foizlik kompensatsiyani to‘lash boshlangan. 41 nafar mijoz uni olishga ulgurgan.
Kompaniya qolgan xaridorlar ham o‘z mablag‘lari va kompensatsiyani yaqin ikki-uch kun ichida olishlariga ishontirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “UzAuto Motors” AJ “Captiva 5” avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni to‘xtatishi va oldin tuzilgan shartnomalar bo‘yicha mijozlar pullarini qaytarishini ma’lum qilgan edi. Qo‘shimcha ravishda oldindan to‘lov summasining 5 foizini kompensatsiya sifatida to‘lashga va’da bergan edi.
Ma’lumot uchun, “Captiva 5” avtomobillari O‘zbekistonda 2021-yilning sentabr oxirda sotuvga chiqqan edi. UzAuto Motors Meksikada ishlab chiqariladigan ushbu avtomobilni xaridorlarga 2022-yilning yanvarida yetkazib berishni va’da bergan edi. Bu model narxi 192 milliondan 269 million so‘mgacha deb e’lon qilingan edi.