Qamchiq dovonidagi “baliq yomg‘iriga” izoh berildi

Qamchiq dovonida “baliq yomg‘iri” yoqqani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiq dovonida “baliq yomg‘iri” yoqqani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati hokimligi bu hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.
“Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining ma’lum qilishicha, voqea 26-noyabr kuni A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 227 kilometr qismida ro‘y bergan.
Shunchaki boqish uchun yetishtirilgan baliq chavoqlari olib ketilayotgan paytda mashinadagi yelim idish yorilib, baliqlar yo‘lga sochilib ketgan. Hodisa harakat xavfsizligini ta’minlay olmaslik oqibatida sodir bo‘lgan. Mashina xorijiy korxonaga tegishli bo‘lgan.
Mazkur transport hodisasida hech kim jabrlanmagan. Yo‘lga sochilib ketgan baliq chavoqlarining asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.