TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Dunyo iqtisodiyoti asta-sekin qayta tiklanmoqda, biroq uning tiklanish sur’atlari koronavirusning omikron shtammi sababli savol ostida. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya chorlaydi!” investitsiya forumida nuqt so‘zlayotib ma’lum qildi.
“Mana ikki yildirki umumiy diqqat markazida koronavirus epidemiyasi bo‘lib turibdi, buni hech narsa qilolmaysan, uning investitsiya, biznes, korporatsiya aloqalariga ta’siri katta. Butun global iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatmoqda”, - dedi Putin.
“Ta’kidlayman, iqtisodiyot asta-sekin bunga qaramasdan qayta tiklanmoqda, biroq tiklanish sur’atlari yana savol ostida. Va buning sababi barcha ma’lum – koronavirusning yangi shtammi keltirib chiqargan kasallanishning galdagi to‘lqini”, - deya davom ettirdi Rossiya rahbari nutqini. U shu sabab butun dunyo bo‘ylab hukumatlar yana cheklov choralarini kiritishga majbur bo‘lishayotganini urg‘uladi.
Putinning fikriga ko‘ra, koronavirus shtammlarining har qanday o‘zgarishlariga tayyor turish lozim.
“Yaqin hafta ichida yangi shtammning oqibatlari qanchalik jiddiy ekanini ma’lum bo‘ladi. Ammo shu narsa aniq ayonki, virusning har qanday o‘zgarishiga tayyor turmoq lozim, avvalo test va vaksinalar samaradorligini doimo kuzatib borish, infeksiya tarqalishini kamaytirish uchun aniq algoritmlardan foydalanish zarur”, - deya qo‘shimcha qildi Rossiya yetakchisi.
JSST o‘tgan hafta Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana va Gonkongda aniqlangan koronavirusning yangi B.1.1.529 shtammiga omikron deb nom berdi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, u juda ko‘p mutatsiyalarni o‘z ichiga olgan boshqalariga qaraganda yuqumliroqdir.