TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
U yerda Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Tadbir kun tartibidan savdo, investitsiyalar, "yashil" iqtisodiyot va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, transport, logistika, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Turkmaniston poytaxtiga tashrif doirasida davlat rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
IHT mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985-yilda tashkil etilgan.
Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a’zo. O‘zbekiston unga 1992-yilda qo‘shilgan.