TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi (YHXBB) ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatida “Xodimlar avtomashina oynalarini sindirib tashladi” sarlavhasi ostida tarqalgan videoga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida reydlar o‘tkazilmoqda.
27 noyabr kuni soat 16:10 larda Chiroqchi tumani Kommuna mahallasidan hududidan o‘tgan ichki yo‘lda YPX xodimlari “Lacetti” avtomobilini to‘xtatishgan.
Haydovchi esa qonuniy talabni bajarmasdan avtomobilning oynasi va eshiklarini qulflab, oldinda turgan soha vakillarining ustiga transportni boshqargan.
Shunda xodimlar maxsus vositalarni qo‘llab, haydovchini to‘xtatishga urinishgan. Biroq shunga haydovchi voqea joyidan qochib ketgan.
Haydovchi yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.