TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida ishtirok etish uchun Ashxobod shahriga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Poytaxt aeroportida Mirziyoyevni uning turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi. Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari muzokara o‘tkazdilar.
Ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil oktabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq savdo-iqtisodiy hamkorlik borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, prezidentlar xalqaro kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashishdi.
IHT mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985-yilda tashkil etilgan.
Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a’zo. O‘zbekiston unga 1992-yilda qo‘shilgan.