TOShKENT, 26 noya – Sputnik. Markaziy bank (MB) mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha loyihani boshladi.
24 noyabr kuni MB “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi bilan “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi trenerlarni moliyaviy savodxonlik bo‘yicha tayyorlash yuzasidan trening o‘tkazgan.
Trening doirasida to‘lov va pul o‘tkazmalari, zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, moliyaviy xavfsizlik (jumladan, raqamli moliyaviy xavfsizlik) va bank omonatlari kabi mavzular yoritildi.
Bundan tashqari, dasturga “Sberbank” OAJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ma’lumotlar va materiallar kiritilgan.
Loyihani joriy yilning dekabr oyidan boshlab 6 kunlik kengaytirilgan o‘quv kursi doirasida amalga oshirish rejalashtirilgan. “Ishga marhamat” monomarkazlarining 14 ta filiallarida bir kunlik tezlashtirilgan o‘quv kursi tashkil etiladi.