TOShKENT, 26 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Suhbat chog‘ida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari hamda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Muloqotlar faollashgani, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sgani va ishbilarmonlar o‘rtasidagi kooperatsiya kuchaygani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, farmatsevtika va kimyo sanoati, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlari, boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ular bo‘lajak uchrashuvlar rejasini ham ko‘rib chiqishdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyulida Pokiston bosh vaziri Imron Xon rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari 16-sentabr kuni Dushanbedagi ShHTning yubiley sammiti doirasida alohida uchrashuv o‘tkazishgan edi.