TOShKENT, 26 noya - Sputnik. Toshkent viloyati hokimligi binosini o‘rab turgan panjara to‘siqlari olib tashlandi, deb xabar qildi muassasa matbuot xizmati.
Panjaralar ochilishi natijasida viloyat hokimligi atrofida Nurafshon shahri aholisining dam olish va ko‘ngilochar maskan yaratish uchun imkon paydo bo‘ldi.
Xususan, “Amfiteatr” binosini qayta ta’mirlash va uning atrofida ko‘ngilochar maskan tashkil etishga qarar qilindi.
Shuningdek, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida bog‘ tashkil etish maqsadida panjaralar olib tashlanib, o‘rniga daraxt ko‘chatlari ekish ishlari olib boriladi.
Ma’lumot uchun, mazkur loyihaning ishga tushish vaqti 2022-yilga mo‘ljallangan. Bog‘ va “Amfiteatr” binosi to‘liq foydalanishga topshirilgach 150 ta ish o‘rni yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev noyabr oyining bishida O‘zbekiston daraxt ekish uchun dolzarb 40 kunlik e’lon qilgan edi. Ushbu tashabbus doirasida respublikaning turli hududlaridan millionlab tup ko‘chatlar ekilib, yashil hududlar yaratilmoqda.