TOShKENT, 25 noya – Sputnik. O‘zbekiston va Turkmaniston mutasaddilari birgalikda 26-noyabrdan boshlab davlat chegarasi orqali ikkita o‘tkazish punkti faoliyatini tiklash ustida ish olib bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Gap "Xo‘jayli — Kunya-Urgench" hamda "Shovot — Dashoguz" chegara o‘tkazish punktlari haqida bormoqda. Punktlar 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sababli yopilgan edi
Ular hozir xalqaro yuk tashuvlari uchun faoliyat yuritayotgan "Olot" chegara o‘tkazish punktiga qo‘shimcha bo‘lishi kerak.
Qayd etilishicha, 26-noyabrdan sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga qat’iy rioya etgan holda neytral zonada tirkama va yarim tirkamalarni kontaktsiz almashish yo‘li bilan qayta tiklanishi kutilmoqda. Ikki punktning neytral zonalarida sinov yuk tashuvlari 25-noyabr kuni amalga oshirilgan.
Vazirlik bu boradagi kelishuv 18-noyabr kuni onlayn bo‘lib o‘tgan transport va logistika masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman ishchi guruhining uchrashuvida erishilganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi nazorat o‘tkazish punkti vaqtinchalik yopilishi xabar qilingan edi.