Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ro‘yxati yuritiladi

Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 noya – Sputnik. Hukumat qarori bilan Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu yagona axborot bazasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan yuritiladi.
Bazaga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar;
odam savdosidan jabrlanganlar, jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar – ayollar va bolalar haqidagi axborot alohida ajratilgan holda, ularga ko‘rsatilgan yordam natijalari;
jinoyat sodir etish usullari va boshqa axborotlar.
Ma’lumotlardan odam savdosiga qarshi kurashishdagi vakolatli organlar foydalanishi uchun Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalariga yozma yoki elektron shaklda so‘rovnoma yuboradi.
So‘rovnoma tushganidan so‘ng uning natijasi bo‘yicha besh kunda javob yuboriladi.