Kamilov va Lavrov prezidentlar uchrashuvi yakunlarini muhokama qilishdi

O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari davlat rahbarlarining uchrashuvi samarali bo‘lganini ta’kidlashdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 noya — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vazirlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha fikr almashishgan.
“Suhbat chog‘ida tomonlar davlat rahbarlarining uchrashuvi samarali bo‘lgani, erishilgan kelishuvlar va imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarning keng ko‘lamli hamda ko‘p qirrali ekanligini ta’kidladilar”, - deyilgan xabarda.
Mintaqalararo hamkorlik forumi, ta’lim va media-forum kabi oliy darajadagi tashrif doirasida imzolangan mustahkam hujjatlar to‘plamiga ham e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama muloqotni davom ettirish, sammit davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan doimiy monitoring va nazoratni ta’minlash zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Moskvada bo‘ldi. Bu uning prezident etib qayta saylangandan keyingi birinchi davlat tashrifi edi.
Shavkat Mirziyoyev Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashdi. O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari uchrashuvi yakunlariga ko‘ra 18 ta hujjat imzolandi.