TOShKENT, 20 noya - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida qator iqtisodiy loyihalar ham imzolandi.
Xususan Rossiyaning VEB.RF davlat rivojlanish korporatsiyasi O‘zbekistondagi eng yirik misni qayta ishlash zavodi - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun 712 million yevro miqdoridagi kredit shartnomasi imzolandi.
Ushbu mablag‘lar Olmaliqdagi yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3 - misni qayta ishlash zavodining qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq “Yoshlik I” konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi doirasida amalga oshirilmoqda. Kelajakda ushbu konni mavjud "Qalmoqqir" koni bilan birlashtirish ko‘zda tutilgan.
O‘shanda qo‘shma kon mis rudasi zahiralari bo‘yicha dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanadi. OKMK ma’lumotlariga ko‘ra, MDH hududida birinchi marta bunday quvvatga ega zavod qurish rejalashtirilgan. Uni amalga oshirish uchun Chili va Perudagi mis konlarida ana shunday ishlab chiqarish tizimlari o‘rganilgan.
Loyihaning 2-bosqichi ishga tushganidan so‘ng rudani qayta ishlash hajmi yiliga 160 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan. 2028-yilga kelib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, OKMK 2028-yilgacha yiliga 270 tonna kumush va 50 tonna oltin ishlab chiqaradi.
Ma’lumot uchun, hozirda VEB.RF ko‘magida O‘zbekistonda energetika, mashinasozlik, transport va qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 57,2 milliard rubl bo‘lgan 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda. VEB.RF ning ishtiroki hajmi 36,8 milliard rublni tashkil etadi.
Olmaliq KMK O‘zbekistondagi yagona mis ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Respublikada ishlab chiqarilgan kumushning qariyb 90 foizi, oltinning 20 foizi ham kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi.