TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Senatorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni ma’qulladi.
Qonun bilan 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.
Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.
Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.
Ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud bo‘lgan taqdirda haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi talab etilmaydi.