O‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiyada kvotalar soni uch baravarga ko‘paytiriladi

So‘nggi 3-yil ichida Rossiya O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya oliygohlarida bepul ta’lim olishlari uchun har yili ajratiladigan grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 noya – Sputnik. Kelgusi yilda o‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy ta’lim muassasalarida bepul ta’lim olish uchun kvotalar 750 o‘rinni tashkil etishi kutilmoqda. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazir Abduqodir Toshqulov ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 3-yil ichida Rossiya tomoni O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya oliygohlarida federal budjet hisobidan ta’lim olishlari uchun har yili ajratiladigan grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.

“Kelgusi 2022/2023-o‘quv yilida Rossiya hukumati tomonidan taqdim etilgan kvotalar soni 750 o‘rinni tashkil etishi kutilmoqda, bu esa 2018-yilga nisbatan uch baravar ko‘p demakdir”, - dedi Toshqulov ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumida so‘zlagan nutqida.

U buni Rossiya tomonining mamlakat iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan salmoqli hissasi deb bilishini ta’kidladi.
Avvalroq 2022-yilda MDH mamlakatlari uchun Rossiyada ta’lim olish uchun kvotalar ko‘paytirilishi ma’lum qilingan edi.Rossotrudnichestvo rahbarining o‘rinbosari Pavel Shevsov Sputnik agentligiga bergan intervyusida kelgusi yili o‘zbekistonlik abituriyentlar 750 ta kvotaga umid qilishlari mumkinligini bildirgan edi.
Putin Rossiya va O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi hamkorligi muvaffaqiyatini qayd etdi