TOShKENT, 17 noya – Sputnik. 17 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga Sherzod Shermatov nomzodini va xalq ta’limi vaziri lavozimiga Baxtiyor Saidov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Sherzod Shermatov (1977 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchisi. U, shuningdek, AQShdagi Yel universitetini tamomlagan (2000).
Shermatov 2014-yildan 2016-yil noyabrigacha Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lgan. 2016-yil noyabridan 2017-yil fevraligacha axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2017-2018 yillarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi bo‘lib mehnat qilgan. Shuningdek, 2018-yilda innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Shermatov 2018-yilning iyunidan hozirga qadar XTV rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
XTV rahbariga ma’qullangan Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning Xitoydagi elchi sifatida 2017-yil iyundan beri ishlab kelayotgan edi. U 2018-yilning aprel oyidan O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi elchisi, 2019-yildan esa — Filippindagi elchisi (qarorgohi Pekinda joylashgan) lavozimlarida ham faoliyat yuritayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 3-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishdan olingan edi. U 2018-yil avgustidan bu lavozimida ishlab kelayotgan edi.