TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi olib borilayotgan ta’lim sohasidagi hamkorlikka yuqori baho berdi. Bu haqda uning Rossiya-O‘zbekiston ikkinchi ta’lim forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qilindi.
“Mamlakatlarimizning ta’lim sohasidagi samarali hamkorligi, shubhasiz, strategik hamkorlik va ittifoqchilikning ikki tomonlama munosabatlari rivojlanishiga ko‘maklashadi. Asosiysi, bu yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlar, koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan ma’lum bo‘lgan cheklovlarga qaramasdan, g‘oyat faol va samarali olib borilmoqda”, - deyilgan tabrikda.
Putin O‘zbekistonda tez orada Rossiya oliygohlarining o‘n beshinchi filiali ochilishi, joriy yilda Rossiyadagi o‘zbekistonlik talabalar soni 43 mingdan oshganini qayd etgan.
Rossiya rahbari forum ishtirokchilari tashabbuslari va g‘oyalariga amalda talab yuqori bo‘lishi va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
16-17 noyabr kunlari Moskva shahrida Rossiya-O‘zbekiston ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumda ikki davlat ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik borasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya-O‘zbekiston birinchi ta’lim forumi 2018-yil 18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi. Forum yakunlari bo‘yicha 130 ga yaqin bitim imzolangan.