TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanida 2-noyabr kuni 13 yoshli, 7-sinf o‘quvchisi eshigi ochiq qolgan Tracker avtomobilini olib qochib ketdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Chilonzor tumanida 2-noyabr kuni kechgi soat 4-5 atrofida Tracker egasi ishdan qaytgach, mashinasini odatdagi joyida qoldirgan. Ammo avtomobil eshigi ochiq qolgan. Ertalab 07:10 atrofida mashinasi yo‘qligidan xabar topgan ayol militsiyaga xabar bergan. Xodimlar tomonidan tumanning Qatortol ko‘chasida xizmat olib borilayotganda 09:30 larda Tracker avtoulovi to‘xtatilgan. U to‘xtamasdan, qarama-qarshi yo‘lga chiqib harakatlangan. Mashina quvilib, siquv yo‘li bilan to‘xtatilgan.
O‘rganishlar natijasida mashinani 13 yoshli, 7-sinf o‘quvchisi boshqargani aniqlangan. U kechasi 01:30 larda o‘rtog‘ining uyiga ketayotganda eshigi qulflanmagan mashinani ko‘rganini, o‘t oldirish tugmasi yordamida uni minib ketganini aytgan.
Qayd etilishicha, mashina egasiga qaytarilgan. Holat yuzasidan bola o‘qiydigan maktabda jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgan.
Bola voyaga yetmagani uchun uning ota-onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan javobgarlikka tortilgan. Bu kabi harakatlarni amalga oshirgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.