TOShKENT, 11 noya – Sputnik. Sirdaryo viloyati Xovos tumanida terrorchi guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
9 noyabr kuni DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Fuqaro B.T. va uning bir nechta hamfikrlari Internet orqali Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari a’zolarining ta’siriga tushib, jihodga chorlovchi materiallarni muntazam ravishda tarqatib kelishgani aniqlangan.
Guruh yetakchisi B.T.ning kelgusida Suriyadagi terrorchilarga qo‘shilishni maqsad qilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar ham olingan.
Qo‘lga olinganlarning yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuvda ularning uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar aniqlangan.
B.T.ga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida u hibsga olingan.
Hozirda B.T. va uning sheriklariga nisbatan tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.