O‘zbekistonda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish boshlandi

Ro‘yxatga oluvchilar 4 ta hududning onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan aholisi uyma-uy yurib ro‘yxatga oladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 noya – Sputnik. 2021 yil 11-noyabrdan qator hududlarda uyma-uy yurib, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish jarayonlari boshlandi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ro‘yxatga olish Xo‘jaobod tumani (Andijon), Yuqori Chirchiq tumani (Toshket v.), Xiva shahri (Xorazm) va Yashnobod tumanida (Toshkent sh.) o‘tkazilmoqda.
Mazkur 4 ta hududning onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan aholisi 11-25 noyabr kunlari ro‘yxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, qog‘oz va planshet orqali savolnomalar to‘ldirib boriladi.
Ta’kidlanishicha, bu sinov jarayonlari respublikada 2023-yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishning asosiy tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olish 2023-yilga qoldirildi
Avvalroq O‘zbekistonda 1–5 noyabr kunlari sinov tariqasida aholini onlayn ro‘yxatga olish o‘tkazilgandi. Onlayn tadbirda "Census.stat.uz" havolasi orqali O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha fuqarolar ixtiyoriy qatnashishi mumkin edi.
2021 yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston doimiy aholisi soni 35 million 79 ming 200 kishini tashkil etmoqda.