TOShKENT, 11 noya – Sputnik. Ijtomoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi ayolning turmush o‘rtog‘i uni va farzandlarini uydan haydab yuborgani, erkak o‘z qizlariga tegajog‘lik qilib kelgani aytilgani xabar tarqaldi. Viloyat IIB bu xabarga munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, murojaatchi H.Yu.ning turmush U.Yu. muqaddam MJtKning 52-moddasiga (yengil tan jarohati yetkazish) asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, voyaga yetmagan o‘z qizini urib, tan jarohati yetkazgani uchun unga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va ish Oltiariq tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, unga nisbatan tegishli jazo tayinlangani ma’lum bo‘lgan.
IIV xabarida ta’kidlanishicha, U.Yu. o‘z uyida giyohvand vosita yetishtirgani yoki iste’mol qilgani, o‘z qizlariga nisbatan tegajaklik qilgani yuzasidan murojaat kelib tushmagan.
“Shu sababli xabarda keltirilgan holatlarga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruvlarga kirishildi. Uning yakuniga qadar qonuniy qaror qabul qilinadi", — deyiladi xabarda.
Murojaatda aytilgan IIO xodimlari yuzasidan aytilgan xabarlar bo‘yicha viloyat IIB tomonidan xizmati tekshiruvi tayinlangan. Mazkur holat Farg‘ona viloyati prokurori va IIB boshlig‘i tomonidan alohida nazoratga olingan.