O‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishlash uchun Slovakiyaga yuboriladi

O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i X.Umarov, Slovakiya Respublikasining respublikadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ya.Bori va “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kadrlar agentligi vakili T.Bresk ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, xususan, kasb va chet tillariga o‘qitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berilib, o‘zbekistonliklarni Slovakiyada ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kadrlar agentligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiya Respublikasiga tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Memorandum doirasida fuqarolarni yuk mashinalari haydovchisi yo‘nalishi bo‘yicha ishga yuborish ko‘zda tutilmoqda.