O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘roni salomatlik uchun qanchalik xavfli?

Toshkentda kuzatilgan chang tarkibi o‘rganib chiqildi. Chang namunalari 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya – Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar Toshkentda bo‘rondan keyin cho‘kkan chang tarkibini o‘rganib chiqishdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadqiqotni vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va O‘zR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari olib borishdi.
Chang tahlili uchun namunalar “Beruniy” (Olmazor tumani) va “Akadem shaharchasi” (Mirzo Ulug‘bek tumaninin) metro bekatlari xududlaridan olingan. Chang tarkibi SmartSEM dasturiy ta’minot yordamida 100 mkm dan 1 mkm gacha bo‘lgan turli masshtablarda olindi.
Namunalar SEM - EVO MA 10 (Zeiss, Germaniya), Panalytical Empyrean rentgen difraktometri, Agilent 7890B gaz xromatografi kabi qurilmalarda tahlil qilindi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, chang hajmi 5 mikrongacha bo‘lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir.
5 noyabrdagi chang namunalari 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda namunalarda pestitsidlar mavjud emasligi aniqlandi.
Tahlil ma’lumotlari chang tarkibida tuz ham meyorda ekanligini ko‘rsatdi. Chang namunalarida rN o‘lchovi chang eriganida ishqoriy xususiyatlarini ko‘rsatdi.
Namunalar tahlili ular tabiatiga ko‘ra standart chang ekanligini ko‘rsatdi.
Chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududlarida 4-5 noyabr kuni kuchli chang bo‘roni kuzatilgan edi. O‘zgidromet soat atmosferada chang zarrachalari miqdori belgilanganidan 30 baravargacha oshganini ma’lum qilgan edi.
8 noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning chang bilan ifloslanishi pasayishda davom etmoqda.
O‘zbekistondagi chang bo‘roni kosmosdan qanday ko‘rindi