Mehnat migrantlarini Rossiyaga yuborish pilot loyihasi boshlandi

O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo‘yicha pilot loyihasi boshlandi
Sputnik
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo‘yicha pilot loyihasi boshlandi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.
Moskva qurilishlardagi migrantlardan voz kecha oladimi – ekspert fikri
Shu munosabat bilan o‘n ming nafar fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo‘natish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi O‘zbekistonga yetib keldi.
Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida yurtimizda amalga oshiriladi.
Ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.