TOShKENT, 8 noya – Sputnik. O‘zbekiston oliygohlarining magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul uchun ruxsat berildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Davlat OTMga 2021/2022-o‘quv yili magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlarida ishtirok etib, mutaxassislik fanidan belgilangan maksimal ballning 40 foizi va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarni qo‘shimcha qabul qilishga ruxsat berildi.
Ular tegishli oliygoh tomonidan belgilangan to‘lov-kontrakt asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy amal qilgan holda qabul qilinadi.
Magistraturaga kirish imtihonlarida ishtirok etib, yuqoridagi talabni bajargan talabgorlar tegishli OTM qabul komissiyasiga 2021-yil 9-noyabrdan murojaat qilishlari mumkin.
To‘lov shartnoma miqdorining kamida 50 foizini bajarishning oxirgi muddati 2021-yil 20-noyabr.
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul to‘lov-kontrakt miqdori bir talabaning o‘qishi uchun sarflanadigan xarajat miqdoridan kelib chiqqan holda OTM tomonidan belgilanadi.