TOShKENT, 5 noya – Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kunlarda Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududida kuzatilgan chang bo‘ronlari vaqtida nima qilish kerakligi borasida o‘z tavsiyalarini berdi.
Vazirlik xabarida aytilishiga ko‘ra, tabiatning bunday hodisalari vaqtida ayniqsa astma va allergiyasi bor kishilar ehtiyot bo‘lishlari kerak. Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova fuqarolarga quyidagi tavsilarni berdi:
Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur. Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.
Chunki bunday havo tarkibida changlar bilan birga, o‘simlik changchalari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.
Nim ta’sir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, xo‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish zarur.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Fuqarolar chang tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, - tezda allergolog shifokorga murojaat qilishlari lozim, - deyilgan SSV xabarida.
Gidrometerologiya xizmati xabariga ko‘ra, 4-5 noyabr kunlari O‘zbekistonda mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisalari kuzatilgan. Kuchli shamollar tufayli oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan meyordan 5 barobar oshdi. Shamol tezligi Toshkent shahrida 5-10m/s, boshqa joylarida esa 7-12m/sgacha yetgan.