Talabalar xarajatlarining bir qismi budjetdan qoplanadi

Kelgusi yilgi davlat budjetida asosiy e’tibor ijtimoiy sohaga, jumladan ta’lim va tibbiyot sohalariga qaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 2 noya - Sputnik. Kelgusi yilgi davlat budjetiga 80 ming nafar talabalar xarajatlarining bir qismini qoplash ham kiritildi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan majlisda ma’lum bo‘ldi.
Xususan, prezident 2022-yilgi davlat budjetida ta’lim va tibbiyot tizimi uchun nazarda tutilgan 58 trillion so‘m ustiga yana 12 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish taklifini bildirdi.
Ushbu mablag‘lardan hududlarda 1 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Undan tashqari, bakalavr yo‘nalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etish uchun 8 trillion so‘m ajratiladiyu Undan 1 trillion so‘mi - onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni ko‘chirish kabi dasturlarga yo‘naltiriladi. 2022-yilda koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkaziladi.