TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Toshkent viloyatidagi “Oybek” chegara bojxona postida yirik miqdorda giyohvandlik vositalarining O‘zbekistonga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) matbuot xizmati xabar berdi.
Postda “DAF” yuk avtomobili bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Hujjatlarga ko‘ra, uzum ortilgan avtomashina respublika hududidan tranzit tarzida o‘tib, Rossiyaga yetib borishi lozim bo‘lgan.
Bojxonachilar avtomobilning yashirin bo‘lmalarga berkitilgan yelim idishlarni aniqlashgan. Ularda 149,76 kilogramm gashish, 4,44 kilogramm opiy va 1,52 kilogramm geroin giyohvandlik vositalari bo‘lgan.
Jami 156 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.