TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonda 2021-yilning 9 oyida vazirliklar budjetdan qariyb 84 mlrd so‘m o‘zlashtirgan. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 3 barobar ko‘pdir. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021-yilning 9 oyida davlat organlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 728,8 mlrd so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlangan.
Joriy yilning hisobot davrida aniqlangan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning kamomadi hamda noqonuniy o‘zlashtirish holatlari (83,7 mlrd.so‘m) 2020-yilning 9 oyiga (28 mlrd.so‘m) nisbatan 3-martaga oshgan.
Ushbu holatlarning asosiy qismi quyidagi vazirlik va qo‘mitalar tizimida aniqlangan, jumladan:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida — 23,3 mlrd so‘m (2020 yil 9 oyida —13 mln so‘m);
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida — 17,2 mlrd so‘m (3,9 mlrd so‘m);
Xalq ta’limi vazirligi tizimida — 14,4 mlrd so‘m (15,4 mlrd so‘m);
Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida — 5,7 mlrd so‘m (3,8 mlrd so‘m);
Madaniyat vazirligi tizimida — 2,7 mlrd so‘m (1 mlrd so‘m);
Turizm va sport vazirligi tizimida — 1,7 mlrd so‘m (0,4 mlrd so‘m);
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida — 4,2 mlrd so‘m (2 mln so‘m);
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida — 2,2 mlrd so‘m (0,4 mlrd so‘m);
Hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalarida — 2,5 mlrd so‘m (1 mlrd so‘m).
Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 457,7 mlrd so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni asossiz ortiqcha to‘lanishi, qurilish ta’mirlash ishlarida narxlarni oshirib qo‘llanilishi va bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish, tovar moddiy qiymatliklarni qimmat narxda xarid qilish kabi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Bunday holatlar 2020-yilning 9 oyiga (101,4 mlrd so‘m) nisbatan 4,5 martaga oshgan.
Bu holatlar asosan ushbu vazirliklar tizimlarida aniqlandi:
Xalq ta’limi vazirligi – 61,1 milliard so‘m (2020 yil 9 oyi uchun 25,4 milliard so‘m);
Maktabgacha ta’lim vazirligi – 61,1 milliard so‘m (6,9 milliard so‘m);
Sog‘liqni saqlash vazirligi – 39,1 milliard so‘m (17,7 milliard so‘m);
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi – 27,3 milliard so‘m (6,3 milliard so‘m);
Madaniyat vazirligi – 18,4 milliard so‘m (2020 yil 9 oyda 2 milliard so‘m);
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida — 10,7 mlrd so‘m (3,6 mlrd so‘m);
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida — 7,4 mlrd so‘m (0,8 mlrd so‘m);
Turizm va sport vazirligi tizimida — 7,3 mlrd so‘m (1,8 mlrd so‘m);
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida — 7,1 mlrd so‘m (0,4 mlrd so‘m);
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida — 80,9 mlrd so‘m (1,4 mlrd so‘m);
Hokimiyatlar huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyalarida — 92,4 mlrd so‘m (5,6 mlrd so‘m);
Hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalarida — 5,6 mlrd so‘m (3,5 mlrd so‘m).
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, hisobot davrida aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 510,8 milliard so‘mi budjetga tiklanganligi ta’minlangan.
Shu bilan birga, nazorat tadbirlari davomida budjet muassasalarining xarajatlar smetasi va shtatlarida asossiz rejalashtirilgan mablag‘larni qisqartirish va boshqa noqonuniy sarflanishiga chek qo‘yish hisobiga jami 365 milliard so‘mlik budjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olingan.
Budjet qonunchiligini buzganlik uchun budjet mablag‘larini oluvchi tashkilotlarning 15 nafar rahbari va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzilgan. Hujjatlar ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, 3847 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 724,1 milliard so‘mlik qonunbuzarliklar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.