Yulduz Usmonova shoirga 185 million to‘laydi - muallif huquqi

Bundan buyon mualliflik huquqini buzgan shaxslar arzimagan jarima bilan qutilib qola olmaydi - Intellektual mulk agentligi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt - Sputnik. Mualliflik huquqini buzgani uchun Yulduz Usmonova shoirga 185 million so‘m to‘laydi, deb xabar qilmoqda Intellektual mulk agentligi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, shoir Ro‘ziyev Yo‘lchi qalamiga mansub “Xasta bo‘lma” she’rini O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova kuylagan va buning uchun muallifga hech qanday haq to‘lanmagan.
Shundan so‘ng shoir Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlaroro sudiga da’vo arizasi kiritgan. Tekshiruv davomida ushbu she’r darhaqiqat shoir tomonidan 2016-yil 16-aprel kuni yozib tugatgani aniqlangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisi qaroriga ko‘ra, da’vogar hisobiga uning ma’naviy zarari uchun 50 million so‘m hamda BHMning 500 baravari miqdoridagi tovon puli, umumiy miqdorda 185 million so‘m Yulduz Usmonova tomonidan undirish haqida qaror qabul qilindi, - deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Fuqrolik kodeksiga ko‘ra adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.Kodeksining 1046-moddasiga ko‘ra, Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e’tirof etiladi.
Ma’lumot uchun, 20-avgustdan e’tiboran mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilgan taqdirda, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon talab qilish huquqi berildi.
Intellektual mulk agentligi xabar qilishiga ko‘ra, bundan buyon mualliflik huquqini buzgan shaxslar arzimagan jarima bilan qutilib qola olmaydi.