TOShKENT, 29 okt – Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari so‘nggi yillarda haqiqatan yuqori darajaga ko‘tarildi, dedi "Rossiya 24" telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.
“Birinchi navbatda qayd etish joizki, bugun O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari o‘zining rivojlanish cho‘qqisiga chiqqan. Ikki davlat munosabatlari tarixida oldin bunaqasi bo‘lmagan”, - deya qayd etdi Kamilov.
Tashqi ishlar vaziri aytishiga ko‘ra, munosabatlarning bu qadar rivojlanishiga asos Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga 2017-yildagi hamda Vladimir Putinning O‘zbekistonga 2018-yilda bo‘lib o‘tgan tashriflari bo‘lgan. Ushbu uchrashuvlar doirasida strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlariga mustahkam asos yaratilgan.
Birinchidan, bugungi kunda hamkorlikning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, texnologik, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi umumiy kun tartibi tuzilgan.
Ikkinchidan, davlat rahbarlari orasida o‘zaro ishonchning yuqori darajasiga erishilgan. Bizning munosabatlar qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatga asoslangan bo‘lib, uning ruhi jamiyatlarimizga vertikal va gorizontal yo‘nalishlarda singib bormoqda.
Aytish joizki so‘nggi yillarda tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarga katta e’tibor qaratishmoqda va ushbu aloqadar boshqa sohalarda ham munosabatlar rivojlanishi uchun maqbul sharoit yaratmoqda.
O‘zbekistonda 15ta Rossiya OTMlarining filiallari faoliyat yuritmoqda, rus tilini o‘rganish markazlari yaratilmoqda, madaniy markazlarga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda. Bu bilan madaniyatlarimizni o‘zaro boyitish uchun sharoit yaratilmoqda.
Rossiya prezidentining 2023-yilni “Rus tilini MDHda millatlararo muloqot tili” yili deb e’lon qilish tashabbusi O‘zbekistonda katta qiziqish bilan kutib olindi.
Bu sohada O‘zbekiston katta tajribaga ega, masalan 70-yillarda Toshkentda “Rus tili – millatlar do‘stligi va hamkorligi tili” mavzusida ilmiy-akademik davralar ishtirokida ulkan forum bo‘lib o‘tgan edi. Biz taklif qilingan tadbirlarda katta qiziqish bilan ishtirok etamiz.
Undan tashqari bugungi kunda Rossiya – O‘zbekiston munosabatlari milliy va hududiy xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq muhim strategik yo‘nalishga ega. O‘z navbatida bu ham o‘zaro ishonchning yuqori darajasini isbotlaydi.
Xulosa qilib aytganda, bizning aloqalarimiz mutlaq yangi darajaga ko‘tarildi. Amaliy nuqtayi nazardan bizning strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarimiz muayan mazmun bilan to‘ldirib borilmoqda.