TOShKENT, 29 okt - Sputnik. Zarafshon darosining "Navoiyazot" yaqinidagi hududida ommaviy zaharlanish yuzaga kelib, baliqlar nobud bo‘lganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi (Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Baliqlarning ommaviy zaharlanishi
Bundan bir muncha vaqt ilgari Zarafshon darosining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi qismida suvning rangi biroz o‘zgargani, baliqlar nobud bo‘layotgani kuzatilgan edi. Shundan so‘ng Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari rahbarligida tashkil etilgan tezkor ishchi guruh tomonidan bu holatning sababi atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish davomida boshqarmaning Analitik laboratoriya mas’ul xodimlari, Karmana tumani Ekologiya inspeksiyasi davlat inspektorlari, viloyat Veterinariya laboratoriyasi va “Navoiyazot” AJning Sanitar labarotoriyasi mutaxassislari hamkorligida daroning 5 ta nuqtasidan tahlil namunalari olindi.
Natijada “Navoiyazot” AJ ga qarashli (1-tashlama) 267-quduqdan azot ammoniy 21 marotaba, azot nitrat 2,6 marotaba, azot nitrit 60 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 2,1 marotaba belgilangan meyorlardan yuqoriligi hamda daroda ommaviy zaharlanish yuzaga kelganligi aniqlandi.
Prokuratura tekshiruvi
Ushbu holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari jalb qilingan holda keng qamrovli tekshiruv o‘tkazildi.
Bu jarayonda sanoat korxonalaridan Zarafshon darosiga oqizilgan chiqindi suvlar tarkibi va nobud bo‘lgan baliqlarda maxsus laboratoriya va ekspertiza tahlillari o‘tkazilib, tegishli xulosalar olindi va boshqa holatlar atroflicha o‘rganildi.
Tekshiruv natijalari, Zarafshon darosiga azot ammoniy, nitrit va boshqa kimoviy moddalar meyoridan ortiqcha miqdorda oqizilganligi oqibatida darodagi ko‘plab baliqlar nobud bo‘lganligini ko‘rsatdi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yil 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.