TOShKENT, 28 okt - Sputnik. Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda kompensatsiya beriladi. Bu haqida 27-oktabr kuni qabul qilingan 5268-sonli prezident qarorida aytib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilishida quyidagi talablarga javob berishi kerak:
ekvivalenti 1 million AQSh dollaridan oshmasligi;
foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmasligi kerak.
Ana shunday kreditlar foizining ma’lum qismini qoplash bo‘yicha davlat jamg‘armasidan yordam beriladi.
"Asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 %dan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi", - deyilgan xabarda.
Undan tashqari, 2021-yil 1-noyabrdan O‘zbekiston nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10-yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.