TOShKENT, 28 okt - Sputnik. Jahon Savdo tashkiloti O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi jarayonida yordam beradi. Bu haqida 26-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzakovning JST bosh direktori o‘rinbosari Sanchen Chjan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlar yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni o‘tkazishda va umuman O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Zarur hujjatlarni tayyorlashda JST Kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish yuzasidan birgalikdagi ishlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorligini bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘ziga foydali bo‘lgan xalqaro iqtisodiy uyushmalarga a’zo bo‘lishga harakat qilib kelmoqda. 2017 yilda Shavkat Mirziyoyev JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlangani haqida e’lon qilgan edi.
Undan tashqari 2020-yilning dekabr oyida O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomini olgan edi. Shundan so‘ng respublika YeOIIning barcha ochiq majlislarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Aprel oxirida O‘zbekiston YeOII Iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzoladi.