TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilganligi haqida xabarlar tarqalgan.
Nemolchi.uz loyihasiga Nizomiy nomidagi Pedagogika davlat universiteti 3-kurs talabasi K.M murojaat qilgan.
Joriy yilning 18-oktabr kuni u Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.B. (ismlar o‘zgartirilgan) xonasiga kirgan. Dekan o‘rinbosari kutib turishini so‘ragan.
Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o‘rinbosari charchaganligini aytib, unga qahva damlab berishni so‘ragan, qiz qahva damlash uchun chog‘langanda erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chirgan. M. nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘raydi. Xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘ladi.
Qiz qarshilik qiladi. Eshikning u tarafida esa qizning do‘sti kelib, eshikni ochishni so‘raydi. M. amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqiradi. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlaydi. U qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketadi. Dekan muovini esa derazani yopib, jalyuzini tushiradi va eshikni ochadi.
Qizning do‘sti dekan o‘rinbosarini olib, pastga tushadi. "Zamdekan" atrofda yig‘ilganlarga qiz oynadan o‘zi sakragani va uni o‘zi shifoxonaga olib borishini aytadi.
Shifokorlarning aytishicha, qizni vaqtida olib kelishibdi. M.ga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashhisini qo‘yishdi. U hali beri oyoqqa turolmaydi...
Aytilishicha, qiz tahsil olgan fakultet talabalari to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazilgan.
Xabarlarda ko‘rsatilgan holat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
"Natijasi haqida xabar qilinadi", - deyiladi Bosh prokuratura rasmiy bayonotida.