Pedagogika universiteti rahbariyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi – vazirlik

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba qizlarning sha’ni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralashini bildirgan.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt – Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati va mas’ullariga qat’iy choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
Avvalroq bu oliygohning dekan o‘rinbosari talaba qizga tegajog‘lik qilib, uni oynadan itarib yuborishda gumonlanayotgani va hibsga olingani xabar qilingan edi.
Qayd etilishicha, vazirlik mazkur voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
“O‘rganish natijalari bo‘yicha jinoyatda gumonlanuvchi universitet mas’ul xodimiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Shuningdek, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan ham qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘riladi”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik talaba qizlarning sha’ni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralashi va bu kabi holatlarga qarshi qat’iy kurashishini bildirgan.
Pedagogika universitetida jarohat olgan qizning ahvoli qoniqarli - SSV
Tez orada bunday holatlarning oldini olish maqsadida tezkor murojaat qilish imkonini beradigan maxsus portal yaratiladi hamda ishga tushiriladi.
Xabarda o‘rganishlar natijasi bo‘yicha obyektiv tafsilotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinishi qo‘shimcha qilingan.